2019-yil 27-sentyabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster Universitetida (TXVU) Ilmiy kengashining birinchi yig’ilishi bo’lib o’tdi. Mazkur Ilmiy kengash mahalliy oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlar izlanuvchilari 08.00.13 – “Menejment” ixtisosligi bo’yicha falsafa doktori va fan doktori ilmiy darajasini olishda dissertatsiyalarni himoya qilish uchun platforma hisoblanadi.
TXVU Ilmiy Kengashi 2019-yil 29-iyunda Oliy Attestatsiya Komissiyasi tomonidan 08.00.13 – «Menejment» ixtisosligi bo’yicha tasdiqlangan.
2002-yilda tashkil etilgandan beri TXVU olimlari va talabalari O’zbekiston, O’rta Osiyo va butun dunyo muammolarini o’rganish asnosida ilmiy tadqiqot ishlarini jadal ravishda olib borishmoqda. So’nggi paytlarda davlatimizda olib borilayotgan siyosiy islohotlar davlat va xususiy sektor miqyosida aniq tadqiqot natijalariga asoslangan qarorlar qabul qilish zaruriyatini oshirmoqda. O’zbekiston ta’lim tizimida va mehnat bozorida fan doktori hamda falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo’lgan tadqiqotchilar va oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo’lgan yuqori talabdan kelib chiqib, ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash tashkil etildi.
Ilmiy kengash birinchi yig’ilishida quyidagi masalalar muhokama qilindi:
- O’zbekistonda oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limni yanada rivojlantirish choralari
- Oliy ta’limdan keyingi ta’limning rivojlanishi va xalqaro tadqiqot standartlarini ishlab chiqish uchun globallashuv va global fan tili sifatida ingliz tilining ahamiyati
- Ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar faoliyati
- Zamonaviy iqtisodiy fanlar nazariyalari va usullariga muvofiq Menejment fanini rivojlantirish
- Oliy Attestatsiya Komissiyasi bilan hamkorlik
- Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limni rivojlantirish uchun mahalliy va xalqaro hamkorlar bilan ilmiy aloqalarni mustahkamlash
